Dunyo kezib, rizqin tergan odam
Ish chatoq, deb aytmasin erkak
Tongdan tunga qadar yursa ham
Uyga quruq qaytmasin erkak
Yo'lin poylar ko`zin qorasi,
Farzandlarin beka onasi.
Erkak zoti ko'cha bolasi,
Uyga quruq qaytmasin erkak
Omad kelmas qaddu-savlatdan,
Er ahlini qisma davlatdan.
O'zing asra shu malomatdan,
Uyga quruq qaytmasin erkak.
Mo`l qil halol nonu oshini,
Topsin hech yo`q kerak toshini.
Hayot, egma yigit boshini,
Uyga quruq qaytmasin erkak.
Gar bermasning oshi hech pishmas,
Olma pishib, og`zingga tushmas.
Odam ini buzilgan qushmas,
Uyga quruq qaytmasin erkak.
Baland-pastlik yo`l asli dunyo,
Gohi mulzam, goh tasvir dunyo.
Yaratgandan tilaydi Mirzo:
Uyga quruq qaytmasin erkak.